Universitetga Qirgʻiz-oʻzbek xalqaro universiteti delegatsiya tashrif buyurdi

Namangan davlat universitetiga Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universiteti rektori Abdilbayet Mamasidiqov boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida 2024-yilda hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, mazkur tashrif hamkorlik aloqalarini kengaytirish, o‘zaro tajriba almashinuvi jarayonlarini rivojlantirish va munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida tashkil etildi.

Tashrif doirasida ikki tomon vakillari ishtirokida o‘zaro samimiy va mazmunli uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev mehmonlarga universitetda amalga oshirilayotgan islohotlar, ta’lim tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston rahbarlari tomonidan mintaqani rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslar, bu jarayonda oliy ta’lim muassasalari ham faol ishtirok etishi hamda hamkorlik aloqalarini kengaytirishi haqida o‘z fikrlarini bildirdi. 

Muloqot chog‘ida professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy-innovatsion loyihalarni birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universitetida Namangan davlat universitetining qo‘shma fakultetini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Mazkur kelishuv doirasida kelgusida 50 nafar professor-o‘qituvchi va talabaning akademik almashinuv dasturi asosida Qirg‘iz-o‘zbek xalqaro universitetiga yuborilishi belgilandi.

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image