Namangan davlat universitetining Hindiston Respublikasi bilan ta’lim va malaka oshirish yo‘nalishidagi hamkorligida Hindiston hukumatining ITEC — Indian Technical and Economic Cooperation dasturi alohida o‘rin tutadi.
Bugungi kunda NamDU Jahon tillari fakulteti Hindiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan ITEC xalqaro dasturi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Mazkur dastur mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish, zamonaviy tajribalarni o‘rganish va davlatlar o‘rtasida bilim almashinuvini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Namangan davlat universiteti professor-o‘qituvchilari ham mazkur imkoniyatlardan amalda foydalanib kelgan. Jumladan, Filologiya fakulteti katta o‘qituvchisi Rayhona G‘oyibboyeva Hindistonning Haydarobod shahridagi English and Foreign Languages Universityda qisqa muddatli malaka oshirish kursida qatnashib, 18 dan ortiq mamlakat vakillari bilan pedagogik tajriba almashgan. Shuningdek, dotsent Umidjon Qo‘ziyev Hindiston hukumatining ITEC dasturi doirasida malaka oshirish kursida ishtirok etgan.
2025-yilda esa Namangan davlat universiteti Raqamli ta’lim texnologiyalari kafedrasi katta o‘qituvchisi Sardorbek Inomiddinov Hindiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ITEC kunlariga bag‘ishlangan tadbirda universitetimiz vakili sifatida qatnashdi. Mazkur uchrashuvda ITEC dasturining O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi do‘stlik, ta’lim va tajriba almashinuvidagi o‘rni alohida ta’kidlandi.
“Hindistonda orttirilgan tajriba” rukni doirasida ITEC dasturlarida qatnashgan NamDU professor-o‘qituvchilari bilan videointervyular tashkil etilishi ta’lim sohasidagi mazkur hamkorlik natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish imkonini beradi.
Intervyularda Hindistondagi ta’lim muhiti, o‘rganilgan innovatsion metodlar, xalqaro muloqot tajribasi hamda orttirilgan bilim va ko‘nikmalarning NamDU ta’lim jarayoniga tatbiqi haqida so‘z yuritilishi ko‘zda tutiladi.
Bunday dasturlarning ahamiyati faqat kasbiy malaka oshirish bilan chegaralanmaydi. Turli davlatlardan kelgan mutaxassislarning birgalikda ta’lim olishi, fikr almashishi va professional aloqalar o‘rnatishi xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va do‘stlik muhitini yanada mustahkamlaydi.
Namangan davlat universiteti Hindiston bilan ta’lim va xalqaro tajriba almashinuvi imkoniyatlarini yanada kengaytirishga intiladi.
Feruza Erkulova
Namangan davlat universiteti
Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor