Joriy yilning 23-fevral kuni Namangan davlat universiteti Xalqaro xamkorlik bo‘yicha prorektori D.Dexqonov boshchiligidagi delegatsiya Qozog‘iston Respublikasining Olma-ota shaxrida joylashgan al Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universitetiga tashrif buyurishdi.
Rasmiy uchrashuvlar yakunida Namangan davlat universiteti hamda al Farobiy nomidagi Qozog‘iston Milliy universiteti o‘rtasida o‘quv jarayonlarini yanada takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha amaliy xamkorlik, ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar akademik almashinuv hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish masalalarini o‘z ichiga olgan xamkorlik memorandum imzolandi.
Ma’lumot uchun Qozog‘iston Milliy universiteti QS jahon universitetlari reytingida (World University Rankings) 166 o‘rinda qayd etilgan bo‘lib, 5 yulduzga ega Markaziy Osiyoning birinchi raqamli universiteti hisoblanadi.
Shuningdek, tashrif davomida universitet delegatsiyasi Qozog‘iston Milliy universiteti Iqtisodiyot va biznes hamda Tarix fakultetlari rahbariyati bilan uchrashdi. Uchrashuvlar davomida Iqtisodiyot hamda Arxeologiya va etnologiya magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, fakultetlar o‘rtasida xalqaro ilmiy loyihalarni shakllantirish va ishtirok etish, o‘zraro xalqaro konferensiyalarni tashkil etish va akademik almashinuv dasturlarini tez orada yo‘lga qo‘yish bo‘yicha masalalar muxokama qilindi.
Kunning ikkinchi yarmida universitet delegatsiyasi Abay nomidagi Qozog‘iston Milliy pedagogika universitetiga tashrif buyurishdi. Ma’lumot uchun Qozog‘iston Milliy Pedagogika Universiteti QS jahon universitetlari reytingida (World University Rankings) 628 o‘rinda qayd etilgan bo‘lib, 5 yulduzga ega mazkur reytingda juda tez yuqorilayotgan universitet hisoblanadi.
Uchrashuv davomida san’at va sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv, ilmiy-tadqiqot jarayonlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha masalalar ko‘rib chiqildi. Shuningdek, Namangan davlat universitetini xalqaro reyting va loyihalarda munosib ishtirok etishi, hozirgi erishilgan natijalarni tandiqiy ko‘rib chiqish va ularni SWOT taxlili asosida universitetni 2030-yilgacha strategik rivojlantirish dasturlarni tuzish va amalga oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini kommersializatsiyasi hamda ta’lim xizmatlarini monetizatsiyalash mexanizmlari bo‘yicha masalalar batafsil taxlil qilindi.
Tashriflar yakunida universitet delegatsiyasi qozoq qardoshlarni “Gullar shaxri – Namangan”ga taklif qilishdi.
#XalqaroHamkorlik #Qozogiston #AlFarobiyUniversiteti #AbayUniversiteti
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati