Yoshlar kuni munosabati bilan Namangan davlat universitetida bitiruvchi hamda talaba-yoshlar ishtirokida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi tashkil etildi.

Ma’lumki, joriy yilning 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan o‘tkazgan muloqotida mamlakatimizda har haftaning payshanba kuni vazirlik, idora va hokimliklarda “Yoshlar kuni” sifatida nishonlanishini e’lon qilgan edi. Shuningdek, ushbu muloqotda “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 15 foizli imtiyozli kreditlar ajratilishi ham ta’kidlangan edi.

Mazkur tashabbuslar ijrosi doirasida Namangan davlat universitetida “Rahbar va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Unda Respublika “Kelajakka qadam” markazi rahbari Elmurod Hoshimov, Oʻzmilliybank AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mirdovidov, viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda studiyalar orqali ulangan bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Uchrashuvni Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, Respublika “Kelajakka qadam” markazi rahbari Elmurod Hoshimov hamda “O‘zmilliybank” AJ Boshqaruv raisi o‘rinbosari Baxtiyor Mirdovidov ochib berdilar. Ular bugungi kunda yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, bitiruvchi talaba-yoshlarni ish bilan ta’minlash hamda ularning biznes g‘oyalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdilar.

Uchrashuv davomida bitiruvchilarni ishga joylashtirish imkoniyatlari, amaliyot va stajirovka dasturlari, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish uchun yaratilayotgan sharoitlar, “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va ularning shartlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Tadbir davomida talaba va bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Ularga mehnat faoliyatini boshlash jarayonida uchrashi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar, biznes yo‘nalishini tanlash, zamonaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. 

Shuningdek, tadbirkorlikka qiziqqan yoshlar uchun imtiyozlar, grant va kredit dasturlari, biznes-reja tuzish hamda startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ham ma’lumotlar taqdim etildi.

Namangan davlat universiteti Axborot xizmati

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image