Bugun, 29-avgust kuni Namangan davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan universitetga qarashli, jami 1 200 nafar talabaga mo‘ljallangan ikkita yangi talabalar turar joyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlatobod tumani, Tadbirkor MFY, Yangi shahar ko‘chasi, 30-uy manzilida barpo etilgan mazkur talabalar turar joylarining har biri 600 o‘rinli bo‘lib, zamonaviy talablar asosida jihozlangan. Loyihaga jami 89 milliard 959 million 100 ming so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Yetti qavatdan iborat yangi binolarda talabalarning yashashi, ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratildi. Har bir qavatda ma’naviyat xonasi, oshxona va Wi-Fi tarmog‘i mavjud.
Shuningdek, talabalar uchun kutubxona, kompyuter xonasi, kir yuvish va dazmollash xonalari tashkil etildi. Yotoqxona xonalari yotoq jihozlari, stol-stul, shkaf va konditsionerlar bilan ta’minlandi.
Binolarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida to‘liq videokuzatuv tizimi o‘rnatildi. Nogironligi bo‘lgan talabalar uchun ham qulay muhit yaratilib, binolarning birinchi qavatida ular uchun barcha zarur sharoitlar ko‘zda tutildi.
Ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev, viloyat sektor rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, talabalar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov, Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev hamda talabalar so‘zga chiqib, tadbir ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi bilan samimiy muborakbod etdilar.
Nutqlarda mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, ilm-fan sohasini qo‘llab-quvvatlash hamda ilm ahliga munosib sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, yoshlarning sifatli ta’lim olishi, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi, ilmiy salohiyatini rivojlantirishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar alohida ta’kidlandi. Yoshlarga berilayotgan e’tibor mamlakatimizning kelajagi va taraqqiyotini ta’minlashda muhim omil ekani qayd etildi.
Yangi talabalar turar joylarining foydalanishga topshirilishi natijasida universitetdagi talabalar turar joylari soni 4 taga, jami o‘rinlar soni esa qariyb 2 100 taga yetdi. Talabalarni turar joy bilan qamrab olish darajasi 60 foizga yetkazildi.
“Mustaqillikning 35 yilligi” nomi bilan atalgan yangi talabalar turar joylari talabalarga zamonaviy, xavfsiz va qulay yashash sharoitlarini yaratish, ularning ta’lim olishi hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi ishlarning amaliy ifodasidir.