Namangan davlat universitetida talaba-yoshlarning fikr va takliflarini tinglash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda ta’lim jarayonini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda universitet rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev San’at va sport fakulteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda universitet prorektorlari, fakultet rahbariyati, yoshlar yetakchilari hamda faol talabalar ishtirok etdi.
Muloqot davomida fakultet talabalarining joriy yilda erishgan yutuqlari, amalga oshirgan tashabbuslari hamda kelgusi yil uchun belgilangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Talabalar universitet hayotini yanada rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirdilar.
Jumladan, talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, audioyozuvlar tayyorlash va ijodiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida ovoz yozish studiyasini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv davomida fakultetning iste’dodli talabasi tomonidan “Namangan tanovori” kuyi jonli ijro etilib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Universitet rektori yoshlarning o‘z ustida muntazam ishlashi, sport va san’at yo‘nalishlarida yuqori natijalarga erishishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhimligini ta’kidladi. Shuningdek, talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning takliflarini o‘rganish va muammolariga yechim topishda bunday ochiq muloqotlar muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.