«Namangan davlat universiteti Ilmiy Axborotnomasi» journal.namdu.uz elektron ilmiy jurnalida chop etiladigan maqolalar endilikda xalqaro miqyosda ilmiy ishlarni identifikatsiyalash imkonini beruvchi DOI (Digital Object Identifier) raqami bilan nashr etiladi.
DOI — ilmiy maqola, tadqiqot materiali yoki boshqa ilmiy nashrga biriktiriladigan unikal va doimiy raqamli identifikator bo‘lib, maqolani internet tarmog‘ida uzoq muddat davomida barqaror aniqlash imkonini beradi.
DOI tizimining joriy etilishi NamDU professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchilari, doktorantlari va ilmiy izlanuvchilari uchun ilmiy maqolalarni xalqaro ilmiy muhitda aniq identifikatsiya qilish, ularga havola berish va ilmiy manba sifatida foydalanishni yanada qulaylashtiradi.
Shuningdek, DOI raqamlarining mavjudligi maqolalarning xalqaro ilmiy axborot tizimlarida qayd etilishi va ilmiy ishlarning bibliografik ma’lumotlarini tartibli yuritishga xizmat qiladi.
Namangan davlat universiteti ilmiy jurnaliga DOI tizimining joriy etilishi universitet ilmiy nashrlarini xalqaro ilmiy-axborot makoniga integratsiya qilish, ilmiy nashrlar sifatini oshirish va tadqiqotchilar uchun zamonaviy ilmiy infratuzilmani rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati