Yig‘ilishda universitet birinchi prorektori Islomjon Odilov, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha rektor maslahatchisi Saodat Umarova, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati tizimini boshqarish bo‘limi boshlig‘i Umidjon Boyxonov, universitet psixologi Gulshoda Mirzatova, fakultet dekani Obidxon Husanxo‘jayev, dekan o‘rinbosarlari, kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda ota-onalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida talabalarning ta’lim olishi, tarbiyasi, xavfsizligi va universitetdagi ijtimoiy faolligini ta’minlash bilan bog‘liq bir qator dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, talabalarning universitetda o‘rnatilgan ichki tartib-intizom va odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etishi, dars mashg‘ulotlarida faol ishtirok etishi hamda fanlarni o‘z vaqtida o‘zlashtirishi muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, ota-onalarning farzandlari ta’lim-tarbiyasiga doimiy e’tibor qaratishi zarurligi qayd etildi.
Talabalarning, xususan, 1-kurs talabalarining talabalar turar joylariga qamrab olinishi, ijarada yashayotgan yoshlarning yashash sharoitlari va xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shartnoma to‘lovlarini belgilangan muddatlarda amalga oshirish, zarur rasmiy hujjatlarni o‘z vaqtida rasmiylashtirish hamda tegishli tartiblarga rioya etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Talabalarning oliy ta’lim muassasasining ma’naviy muhitiga, odob-axloq kodeksiga va milliy qadriyatlarga mos ravishda kiyinish madaniyatiga amal qilishi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, fakultet va universitet miqyosida o‘tkaziladigan jamoat ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, giyohvandlikning salbiy oqibatlari hamda yot g‘oyalarning ta’siridan yoshlarni himoya qilishda universitet jamoasi va ota-onalarning hamkorligi, hushyorligi va mas’uliyatini yanada kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi.