Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Kirgizbayevning «Yoshlar kuni» munosabati bilan bayram tabrigi
- Bosh sahifa
- Axborot xizmati
- Yangiliklar
- Namangan davlat...
- 30.06.2025
- 16:13
- 424

Assalomu alaykum, aziz yoshlar, universitetimizning bilimga chanqoq talabalari!
Siz, azizlarni mamlakatimiz hayotidagi qutlug‘ ayyom – Yoshlar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman. Biz o‘z oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarimiz ijobatini, Yangi O‘zbekiston kelajagini butun el-yurtimiz qatori sizdek azmu shijoatli farzandlarimiz bilan bog‘liq holda ko‘ramiz.
Mana shunday quvonchli kunda, avvalo, yurtimizda keyingi paytda yoshlar bilan ishlash bo’yicha mutlaqo yangi tizim asosida ishlar olib borilyatgani, talaba-yoshlarimizning ijtimoiy faolligi, institut hayotida munosib hissa qo’shib ishtirok etayotganini barchamiz minnatdorlik bilan e’tirof etamiz.
Shu asosda yosh avlodimizning fuqarolik pozitsiyasi va faolligini kuchaytirish, uni mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni puhta egallab, halqaro maydonda raqobatga kirisha oladigan barkamol shahslar etib tarbiyalash bo’yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.
2024/2025 o‘quv yili davomida universitetimiz yoshlari bir qancha tanlovlarda ham yutuqlarga erishdilar. Jumladan, fan olimpiadalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli Davlat stipendiyalari, turli xalqaro anjumanlar, olimpiadalar va tanlovlar, hamda sport musobaqalarida g‘oliblik va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar.
Eng muhimi, yoshlar bilan doimiy muloqot olib borish, ularning bandligini ta’minlash, hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatning munosib a’zolariga aylanishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash vazifasi barchamizning kundalik faoliyatimiz mezoniga aylanib bormoqda.
Kelajagimiz egalari bo‘lgan yoshlarimizning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-intilishlari, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish olib borayotgan davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, bu yo‘lda ulkan ishlarni amalga oshirayotganligi sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.
Aziz farzandlarim!
Bugungi kunda mamlakatimizni yangilash va modernizatsiya qilish, uni innovatsion asosda rivojlantirish, o‘z oldimizga qo‘ygan ko‘p qirrali va murakkab vazifalarni amalga oshirish maqsadida biz zamonaviy va kreativ fikrlaydigan, har qanday vaziyatda ham mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan, g‘ayrat-shijoatli, intellektual salohiyati yuksak, vatanparvar yosh kadrlarga davlat va jamiyat boshqaruvida muhim vazifalarni ishonib topshirmoqdamiz.
Siz, jondan aziz o‘g‘il-qizlarimizdan faqat bitta iltimosimiz, bitta tilagimiz bor: ota-onalaringiz, ustoz-murabbiylaringiz, xalqimizning sizlardan kutayotgan orzu-umidlarini amaliy ishlar bilan ro‘yobga chiqarish yo‘lida hormang, charchamang!
O‘z maqsadlaringiz sari qo‘rqmasdan qadam tashlang! Ishonaman, siz albatta maqsadingizga erishasiz!
O‘qish-o‘rganish, doimiy izlanish, ilm-fanga, taraqqiyot cho‘qqilarini egallashga intilib yashash doimo hamrohingiz bo‘lsin!
Men sizlarning har biringizga el-yurtimiz faxrlanadigan, jonajon O‘zbekistonimizning munosib farzandi, haqiqiy inson bo‘lish baxti nasib etishini hamda kuch-g‘ayrat va shijoat sizlarni hech qachon tark etmasligini tilayman.
Sizlarni Yoshlar kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga yangi yutuqlar, baxt va omad tilayman.
Hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz yoshlar!
Hurmat bilan,
Abdugʻaffor KIRGIZBAYEV,
Namangan davlat universitet rektori,
tarix fanlari doktori, professor