O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-maydagi PF–76-son “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan respublika miqyosida Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbir oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi, amaliy kompetensiyalari hamda ularning mehnat bozori talablariga muvofiqligini bevosita ish beruvchilar nuqtayi nazaridan aniqlashga qaratilgan.
So‘rovnoma doirasida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi mas’ullari ishtirokida Namangan davlat universiteti Ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi mas’ullari bilan hamkorlikda amaliy tashrif amalga oshirildi.
So‘rovnoma davomida ish beruvchilar bitiruvchilarning:
— kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalari;
— egallagan bilimlarini real ish jarayonida qo‘llay olishi;
— kasbiy ma’lumotlar bilan ishlash qobiliyati;
— muloqot va jamoada ishlash ko‘nikmalari;
— zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish darajasi;
— tahliliy va tanqidiy fikrlash qobiliyati;
— mas’uliyat, tashabbuskorlik va o‘zgarishlarga moslashuvchanligi;
— umumiy kasbiy faoliyatga tayyorgarligini baholaydi.
Shuningdek, ish beruvchilar kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, amaliy mashg‘ulotlar va ishlab chiqarish amaliyotini kuchaytirish, ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga yanada moslashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.