Anjuman ochilish marosimida universitetning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Abdug‘affor Nazarov so‘zga chiqib, mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud imkoniyat va resurslardan oqilona foydalanish hamda ilm-fan yutuqlarini amaliyotga keng joriy etish borasida olib borilayotgan islohotlar haqida fikr yuritdi.
Anjuman davomida milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini ta’minlashda hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Ishtirokchilar hududlarning mavjud imkoniyatlarini to‘liq ishga solish, iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish hamda bu boradagi dolzarb muammolarga ilmiy asoslangan yechimlar ishlab chiqish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.
Xususan, hududlar o‘rtasidagi iqtisodiy tafovutlarni qisqartirish, iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, klaster tizimini rivojlantirish, ishlab chiqarishni ixtisoslashtirish va resurslardan samarali foydalanish masalalari muhokama markazida bo‘ldi. Shu bilan birga, “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini joriy etish, ekologik barqarorlikni ta’minlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash va innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyada ishlab chiqarish jarayonlarini texnologik jihatdan yangilash, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, transport-logistika tizimini takomillashtirish, energetika va suv ta’minoti infratuzilmasini rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash borasidagi dolzarb masalalar yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.
Shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, agrobiznes imkoniyatlarini kengaytirish, sanoat zonalari faoliyatini takomillashtirish, mahalliylashtirish dasturlarini samarali amalga oshirish, hududiy boshqaruv tizimini takomillashtirish hamda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Anjumanda mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash, inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Xitoy, Pokiston, Misr, Eron va Turkiya davlatlaridan kelgan olimlar hamda mutaxassislar, shuningdek, mamlakatimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va tadqiqotchilari ishtirok etdilar. Konferensiyaga 200 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar taqdim etildi.
Anjuman yakunida bildirilib o‘tilgan ilmiy taklif va tavsiyalar hududlar iqtisodiy salohiyatidan yanada samarali foydalanish, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash hamda mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi amaliy tashabbuslarni ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.