Asosiy kontentga otish

Namangan davlat universitetida 65-xalqaro “Gullar festivali” doirasida “Markaziy Osiyoda biologik xilma-xillikni saqlash: muammolar, yechimlar va istiqbollari” mavzusidagi III Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

Mazkur xalqaro konferensiya bioxilma-xillikka oid dolzarb va istiqboldagi muammolarni aniqlash, zamonaviy ilmiy yondashuv hamda ilg‘or tajribalarni almashish, shuningdek Markaziy Osiyoda biologik xilma-xillikni asrash va muhofaza qilish bo‘yicha samarali strategiyalar ishlab chiqishga bag‘ishlandi.

Konferensiyaning ochilish marosimida Namangan davlat universiteti rektori Abdug‘affor Qirg‘izboyev hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti direktori, akademik Komiljon Tojibayev so‘zga chiqib, bugungi kunda dunyo miqyosida biologik xilma-xillikning global inqirozi davom etayotgani, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekotizimlarni asrab-avaylash masalalari insoniyat oldidagi eng dolzarb vazifalardan biri ekanligini ta’kidladilar.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi PQ-4805-son qarori asosida mamlakatimizning “Global biologik xilma-xillik bo‘yicha ma’lumotlar portali” — GBIF xalqaro tizimiga a’zoligi ta’minlandi. Shuningdek, Prezidentimizning 2023-yil 11-sentyabrdagi PF-158-sonli “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi Farmonida Markaziy Osiyoda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda bioxilma-xillikni saqlash borasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan.

Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan davlat universitetida bioxilma-xillikni o‘rganish, raqamlashtirish va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish yo‘nalishida qator amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, universitet botanik olimlari tomonidan 10 mingdan ortiq o‘simliklarning gerbariy ma’lumotlari GBIF xalqaro ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi. Shuningdek, universitet olimlari tomonidan yaratilgan www.iFlorist.uz platformasi O‘zbekiston florasiga oid o‘simlik turlarini raqamli formatga o‘tkazish bo‘yicha yetakchi ilmiy platformalardan biriga aylanib bormoqda.

Ayni paytda universitetda “Farg‘ona vodiysi florasining raqamli platformasini ishlab chiqish” hamda “Orol dengizining qurigan tubidagi suv havzalarining gidrobiologik tarkibini aniqlash va istiqbolli suv o‘tlaridan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish” kabi fundamental ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Ushbu tadqiqotlar universitet hududida tashkil etilgan 8 ta ilmiy-tadqiqot laboratoriyasida olib borilmoqda.

Shuningdek, Namangan davlat universiteti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti o‘rtasidagi hamkorlik memorandumi asosida mintaqada yagona hisoblangan O‘zbekiston Milliy gerbariysi — TASHning Namangan filiali tashkil etildi. Mazkur filialga 4 mingdan ortiq gerbariy namunalari olib kelinib, umumiy namunalar soni 10 mingga yaqinlashdi.

Konferensiyada biologik xilma-xillikni saqlash, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, noyob o‘simlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ilmiy ma’lumotlarni raqamlashtirish hamda ekologik muammolarning zamonaviy yechimlari yuzasidan ma’ruzalar tinglandi.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Rossiya davlatlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot institutlari hamda mamlakatimizdagi nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan yetakchi olim va mutaxassislar ishtirok etdilar. Konferensiyaga 150 dan ortiq ilmiy maqola va tezislar taqdim etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar biologik xilma-xillikni saqlash borasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ekologik muammolar yechimiga qaratilgan innovatsion loyihalarni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

Shuningdek, mehmonlar va konferensiya ishtirokchilari ayni kunlarda Namangan shahrida yuqori saviyada o‘tkazilayotgan 65-xalqaro “Gullar festivali” tadbirlariga taklif etildi.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image