Namangan davlat universiteti rektori A. Kirgizbayev tomonidan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim maktablari va akademik litsey bitiruvchilarini universitetga jalb etishga qaratilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini o‘tkazish jadvaliga muvofiq Biotexnologiya fakultetida NamDU qoshidagi 1-akademik litsey bitiruvchi yoshlari ishtirokida tadbir tashkil etildi.
Mazkur tadbirda fakultet dekani A. Batoshov, kafedra mudirlari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etib, ishtirokchilarga fakultet faoliyati, undagi ta’lim yo‘nalishlari, zamonaviy laboratoriyalar, amaliy mashg‘ulotlar jarayoni, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ilmiy-tadqiqot ishlari hamda istiqboldagi rejalar haqida batafsil ma’lumotlar berdilar.
Tadbir davomida o‘quvchilar fakultet laboratoriyalari bilan yaqindan tanishdilar hamda o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob oldilar. Mazkur tadbir yoshlarning kasb tanlashiga ko‘maklashish, ularning oliy ta’limga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda universitet faoliyati bilan yaqindan tanishtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.