Yoshlar kuni munosabati bilan Namangan davlat universitetida Prezidentimizning 2026-yil 3-martdagi “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Farmoni mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan Respublika ishchi guruhi a’zolari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda Respublika ishchi guruhi a’zosi, Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyeva, Namangan viloyati IIB JXX HXB boshlig‘i o‘rinbosari Zuhra Karimova, universitet profilaktika inspektori Lola Nizamova hamda Yuridik va Tibbiyot fakultetlari talaba-yoshlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida Oliy sud sudyasi Sanobar Mamadaliyeva mazkur muhim hujjatning ahamiyatiga to‘xtalib, Prezident farmoni asosida mamlakatimizda ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish borasida tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani, ularning huquq va manfaatlari yanada ishonchli himoya qilinayotgani haqida alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, uchrashuv davomida sud, adliya, ichki ishlar organlari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi vakillari tomonidan farmonda belgilangan ustuvor vazifalar, xususan, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish, yoshlar ongida huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbir doirasida mavzuga oid videorolik namoyish etilib, xotin-qizlarni asrash, qizlarni erta turmushga berishning salbiy oqibatlari atroflicha muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar.