Namangan davlat universitetida 2025/2026 o‘quv yilidagi 10-sonli Kengash yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish universitet faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari, belgilangan vazifalar ijrosi hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan masalalarni muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Kengash yig‘ilishi universitet rektori Abdugʻaffor Qirgʻizboyev raisligida o‘tkazildi. Yig‘ilishda soha prorektorlari, bo‘lim va markazlar boshliqlari, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari hamda dekan o‘rinbosarlari ishtirok etdilar.
Yig‘ilish avvalida rektor tomonidan 24-fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan muloqotida ilgari surilgan tashabbuslar hamda oliy ta’lim muassasalari oldiga qo‘yilgan ustuvor vazifalar yuzasidan ma’ruza qilindi.
Shuningdek, mazkur topshiriqlarning universitet miqyosida samarali ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab berildi. Kengash davomida ilmiy daraja va ilmiy unvonga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga rasmiy diplomlar hamda esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.
Shundan so‘ng kun tartibidagi masalalar yuzasidan mas’ullar hisobotlari tinglandi. Jumladan, B.O‘rinov tomonidan professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish rejalari ijrosi, fanlarning o‘quv adabiyotlar bilan ta’minlanganlik darajasi, xorijiy tillarda tashkil etilgan o‘quv guruhlari hamda fanlarni o‘qitish sifati to‘g‘risida axborot berildi.
N.Dexkanov tomonidan Filologiya fakultetida o‘quv, ilmiy va ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kompleks o‘rganish natijalari yuzasidan ma’ruza qilindi. R.Jo‘rayev esa universitetning attestatsiya jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rish holati hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Namangan davlat universiteti Axborot xizmati