Bugun ilm-fan, innovatsiya va taraqqiyot yo‘lida dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekistonning muhim tayanch maskanlaridan biri — Namangan davlat universitetidir. Vodiyнинг otaxon ilm maskani sifatida e’tirof etilgan ushbu oliygoh nafaqat bilim beruvchi ta’lim muassasasi, balki kelajak bunyodkorlarini tarbiyalaydigan yirik ma’rifat va tafakkur markaziga aylangan.
Bugungi kunda universitetda 10 ta fakultet va 2 ta fakultetga tenglashtirilgan bo‘lim faoliyat yuritadi. 76 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi hamda 26 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha mamlakatimizning turli hududlari va xorijiy davlatlardan kelgan 20 ming nafarga yaqin talabaga saboq berilmoqda. Universitetda 700 nafardan ortiq malakali professor-o‘qituvchilar ta’lim jarayonini yuksak saviyada tashkil etib kelmoqda.
Ta’lim jarayoni kredit-modul tizimi asosida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, universitetga berilgan akademik va moliyaviy mustaqillik uning rivojida yangi bosqichni boshlab berdi. So‘nggi yillarda oliygohda ta’lim yo‘nalishlari sezilarli darajada kengaydi, qabul ko‘rsatkichlari esa izchil oshib bormoqda.
2025-yil universitet hayotida ilmiy salohiyat va moddiy-texnik bazani yuksaltirish davri bo‘ldi: yil boshida 41 foizni tashkil etgan ilmiy salohiyat yil yakuniga kelib 58 foizga yetdi, fan doktorlari soni 17 foizga, fan nomzodlari va falsafa doktorlari soni 23 foizga oshdi, dissertatsiya himoyalari ulushi ham sezilarli ravishda ortdi.
Ayni paytda universitetning moddiy bazasi ham tubdan yangilanib, Namangan shahri Yuksalish mavzesida 2000 o‘rinli zamonaviy o‘quv binosi, shuningdek Filologiya fakulteti uchun 1200 o‘rinli va Biotexnologiya fakulteti uchun 800 o‘rinli rekonstruksiya qilingan o‘quv binolari foydalanishga topshirildi; buning natijasida o‘quv binolari smena koeffitsienti 2024-yildagi 1,7 dan 1,2 ga tushirildi.
Universitetning har bir fakulteti — alohida ilmiy maktab, alohida tajriba maydoni, alohida taraqqiyot yo‘lidir.
Biotexnologiya fakulteti
Biotexnologiya fakulteti — tabiat, hayot va ilmiy izlanishlar uyg‘unlashgan maskan. Mazkur fakultetda biologiya hamda biotexnologiya ta’lim yo‘nalishlarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda. 2025-yilda Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan, 8 ta o‘quv va ilmiy laboratoriyani o‘zida jamlagan “Biologik tadqiqotlar markazi”da professor-o‘qituvchilar hamda talabalar tomonidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, mahalliy va xorijiy grant loyihalari ustida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab qishloq xo‘jaligi va bioresurslar sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni yanada kengaytirish maqsadida biologiya, biotexnologiya, oziq-ovqat texnologiyasi, o‘simliklar himoyasi va karantini, meva-sabzavotchilik va uzumchilik, dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi, suv bioresurslari va akvakultura, veterinariya meditsinasi kabi bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi.
San’at va sport fakulteti
San’at va sport fakulteti — iste’dod, ilhom va g‘alaba ruhi mujassam bo‘lgan dargoh. Bugungi kunda fakultetda psixologiya, rangtasvir, amaliy san’at, dizayn, vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi hamda sport faoliyati yo‘nalishlari, jumladan voleybol, futbol, basketbol, yengil va og‘ir atletika, kurash hamda qo‘l to‘pi sport turlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Fakultet talabalari respublika va xalqaro tanlovlar hamda sport musobaqalarida munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, voleybol bo‘yicha qizlar jamoasi uch karra O‘zbekiston kubogi hamda III Turkiy davlatlar universiadasi g‘olibi sanaladi. Shuningdek, 2023-yilda o‘tkazilgan U-20 Osiyo kubogida chempion bo‘lgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi a’zosi Umarali Rahmonaliyev ham mazkur fakultet talabasi hisoblanadi.
Jahon tillari fakulteti
Bugungi globallashuv davrida xorijiy tillarni, ayniqsa ingliz tilini puxta egallash yoshlar uchun muhim talabga aylanmoqda. Jahon tillari fakultetida zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilgan ta’lim jarayonida talabalar nafaqat til bilimlarini, balki xalqaro muloqot, tarjimonlik va kasbiy kompetensiyalarni ham chuqur egallab bormoqda.
Mazkur ilmiy-pedagogik salohiyat fakultetda yetuk, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashga mustahkam zamin yaratib, talabalarning bilim va salohiyatini oshirishga xizmat qiluvchi samarali ta’lim-tarbiya muhitini shakllantirmoqda.
Filologiya fakulteti
Filologiya fakulteti — so‘z san’ati, ma’naviyat va tafakkur nafasi ufurib turadigan ilm maskani. Bu yerda filologiya va tillarni o‘qitish: o‘zbek tili, rus tili hamda jurnalistika yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim jarayoni zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilgan.
Talabalar ona tilimiz va adabiyotimizning boy merosini chuqur o‘rganish bilan birga, nutq madaniyati, tahliliy fikrlash va ijodiy yondashuv ko‘nikmalarini ham rivojlantirib bormoqda. Jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar esa zamonaviy axborot makonida erkin faoliyat yurita oladigan, jamiyat hayotidagi muhim voqealarni xolis va tezkor yoritishga qodir mutaxassislar sifatida shakllanmoqda.
Iqtisodiyot fakulteti
Iqtisodiyot fakulteti — zamonaviy iqtisodiy tafakkur va amaliy boshqaruv ko‘nikmalari shakllanadigan yetakchi ta’lim maskanlaridan biridir. Fakultetda iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, soliqlar va soliqqa tortish, bank ishi, menejment, shuningdek turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishlarida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Nazariya va amaliyot uyg‘un holda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, talabalar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha banklar, davlat idoralari va turli tashkilotlarda, shuningdek mehmonxonalar hamda sayyohlik xizmatlari ko‘rsatish maskanlarida bevosita amaliyot o‘tamoqda. Fakultetning xalqaro hamkorlik aloqalari ham izchil rivojlanmoqda. Xususan, 2025/2026-o‘quv yilida fakultetning olti nafar talabasi Malayziyadagi Universiti Utara Malaysia’da tahsil olib, zamonaviy bilim va xalqaro tajribalarni egallab qaytdilar.
Yuridik fakulteti
Yuridik fakulteti — qonun ustuvorligi, adolat va huquqiy tafakkur tamoyillari qaror topadigan nufuzli dargoh. Bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlardan biri sanalgan yurisprudensiya yo‘nalishida talabalar nazariya va amaliyot uyg‘unligi asosida ta’lim olmoqda.
Talabalar huquq tizimi, qonunchilik asoslari hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lib bormoqda. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va bartaraf etish sohasida yetuk mutaxassislar tayyorlash maqsadida “Huquqbuzarliklarning oldini olish va fosh etish faoliyati” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha qabul jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tibbiyot fakulteti
Tibbiyot fakulteti — inson salomatligi va hayot qadriyatiga xizmat qiladigan sharafli kasb egalari tayyorlanadigan maskan. Fakultetda davolash ishi hamda pediatriya ishi yo‘nalishlarida talabalar tahsil olmoqda. Ular nazariy bilim va ko‘nikmalarini tibbiyot birlashmalari hamda klinikalarda o‘tayotgan amaliyot jarayonlari orqali mustahkamlab bormoqda.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlarini zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalar asosida tayyorlashni kengaytirish maqsadida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi bo‘yicha qabul jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi.
Tabiiy fanlar fakulteti
Tabiiy fanlar fakulteti — tabiat sirlarini anglash, ekologik tafakkurni shakllantirish va ilmiy izlanishlarni kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim ilm dargohidir. Bu yerda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, geografiya hamda kimyo yo‘nalishlarida zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan muhitda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilib, malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab yer resurslaridan samarali foydalanish, hududlarni boshqarish hamda sanoat va ishlab chiqarish sohalarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashga qodir mutaxassislar tayyorlash maqsadida kadastr hamda kimyo muhandisligi yo‘nalishlari bo‘yicha qabul jarayonlari tashkil etiladi.
Fizika-matematika fakulteti
Zamonaviy texnologiyalar va ilm-fan jadal rivojlanayotgan bugungi davrda fizika-matematika fakulteti kelajak kasblari sari eltuvchi poydevor vazifasini o‘tamoqda. Fakultetda sun’iy intellekt, axborot xavfsizligi, mexanika va matematik modellashtirish, shuningdek fizika, matematika, amaliy matematika hamda axborot tizimlari va texnologiyalari yo‘nalishlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Talabalar zamon talablariga mos laboratoriyalar va kompyuter xonalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borib, nazariy bilimlarini amaliy ko‘nikmalar bilan mustahkamlab bormoqda.
Ijtimoiy fanlar fakulteti
Ijtimoiy fanlar fakulteti — milliy xotira, tarixiy tafakkur va ijtimoiy tahlil markazi. Zero, milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish yosh avlodni tarixdan saboq olishga, xulosa chiqarishga va tarixiy tafakkur bilan qurollanishga undaydi. Shu maqsadda fakultetda tarix, arxeologiya va falsafa yo‘nalishlarida malakali kadrlar tayyorlanmoqda.
Talabalar tarixiy yodgorliklarni o‘rganish va ilmiy jihatdan tadqiq etish maqsadida arxeologik maskanlarda amaliyot ishlarini olib bormoqda. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab jamiyatdagi ijtimoiy jarayonlarni chuqur tahlil qila oladigan va zamonaviy boshqaruv tizimi uchun zarur mutaxassislar tayyorlash maqsadida siyosatshunoslik, sotsiologiya hamda ijtimoiy ish yo‘nalishlari bo‘yicha qabul jarayonlari tashkil etiladi.
Namangan davlat universitetiga qarashli qariyb 2000 nafardan ziyod talabani o‘z bag‘riga sig‘dira oladigan 4 ta talabalar turar joyi zamon talablariga mos jihozlangan bo‘lib, olis hududlardan kelgan hamda xorijiy talabalarning yashashi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Talabalar turar joylarida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviy-ma’rifiy faolligini oshirish hamda ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash maqsadida ma’naviyat xonalari, oshxona, kutubxona, kir yuvish va dazmollash xonalari zamonaviy talablar asosida faoliyat yuritib, talabalarga qulay xizmat ko‘rsatmoqda.
Yoshlarning intellektual salohiyati, ijodiy qobiliyati va iqtidorini to‘liq ro‘yobga chiqarish bugungi ta’lim tizimining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Shu maqsadda “NamDU nihollari” talabalar teatr studiyasi, “Bir haftada bir kitob” loyihasi, “Zakovat” klublari, Prezident va nomli davlat stipendiyalariga tayyorlovchi Yoshlar akademiyasi hamda “Qalqon” jamoatchilik guruhi universitet talabalari orasida faoliyat yuritib, ularning intellektual salohiyati va ijtimoiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Axborot-resurs markazi kun-u tun talabalar bilan gavjum. Bu yerda ularga malakali mutaxassislar tomonidan xizmat ko‘rsatiladi. Markazda ta’lim jarayoni uchun zarur o‘quv adabiyotlari bilan bir qatorda, boy badiiy va ilmiy asarlar fondi ham shakllantirilgan bo‘lib, u talabalarning mustaqil izlanish olib borishi, ilmiy salohiyatini oshirishi va keng dunyoqarashga ega bo‘lishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda universitet Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Turkiya, Chexiya, Malayziya, Belarus va Germaniya kabi 30 dan ortiq davlatlarning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.
Mazkur hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun akademik almashinuv dasturlari amalga oshirilmoqda. Bu esa ularga xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tajriba orttirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlarni o‘zlashtirish hamda xalqaro ta’lim muhitida bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish imkonini bermoqda.
2025/2026-o‘quv yilida ta’lim-tarbiya sohasidagi ko‘p yillik fidokorona mehnati, yosh avlodni barkamol insonlar etib voyaga yetkazish yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamda ilm-fan rivojiga qo‘shgan salmoqli hissasi yuksak baholanib, universitetning uch nafar professor-o‘qituvchisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga muvofiq davlat ordenlari bilan taqdirlandilar.
Ko‘p ming sonli universitet jamoasi o‘z oldiga Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari — Uchinchi Renessans quruvchilari bo‘lmish kelajak avlodga puxta ta’lim va munosib tarbiya beradigan malakali kadrlar tayyorlashni bosh maqsad qilib olgan.
O‘z kelajagiga befarq bo‘lmagan yurtimiz va xorijdagi barcha abituriyentlarni Namangan davlat universitetiga o‘qishga taklif etamiz.
Namangan davlat universiteti — bu ilm, tafakkur, yangilik va orzular sari dadil qadam!