Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan davlat universiteti faoliyati yuzasidan tarqalgan xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda “2025-yil yakuniga ko‘ra Namangan davlat universitetida 64,7 mlrd so‘m zarar qayd etilgan” mazmunidagi xabarlar tarqaldi.

Mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

2025-yil davomida universitet hududida keng ko‘lamli qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, Yuksalish massivida 2000 o‘rinli yangi “Innovatsion fakultet” o‘quv binosi barpo etildi, mazkur hududda 800 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyi qurilmoqda. Shuningdek, Filologiya hamda Biotexnologiya fakultetlari o‘quv binolari mukammal ta’mirdan chiqarildi.

Bundan tashqari, yangi barpo etilgan va ta’mirlangan binolar zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, kompyuter va orgtexnika vositalari, mebel hamda boshqa zarur jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi. Ushbu xarajatlar universitet infratuzilmasini rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish va talabalarga zamonaviy sharoit yaratishga qaratilgan investitsiyalar hisoblanadi.

Shu bilan birga, 2025/2026 o‘quv yilida talabalar soni 2024/2025 o‘quv yiliga nisbatan kamaygani kuzatildi, bu esa tushumlar hajmiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, 2025-yilda universitet tomonidan mavjud mablag‘larning bir qismi depozit hisob raqamlariga joylashtirildi va bu orqali qo‘shimcha daromad manbalari shakllantirildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Namangan davlat universiteti 2025-yil yakunlariga ko‘ra mamlakatimizdagi eng yuqori daromad ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan TOP-10 oliy ta’lim muassasalari qatoridan munosib o‘rin egallagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bir tomonlama talqin qilingan bo‘lib, universitet faoliyatining to‘liq moliyaviy-iqtisodiy holatini aks ettirmaydi.

Shu o‘rinda barcha bloger, jurnalist hamda ommaviy axborot vositalariga universitet doimo ochiqligini va hamkorlikda faoliyat olib borishga tayyorligini bildiramiz.

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image