Namangan davlat universiteti Yoshlar bilan ishlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Islomjon Odilovning Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yuzasidan bildirgan munosabati “Namangan haqiqati” gazetasining navbatdagi sonida chop etildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro ishonch, faol siyosiy muloqot hamda aniq iqtisodiy manfaatlarga tayangan holda izchil rivojlanib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari darajasida olib borilayotgan muntazam uchrashuvlar va muzokaralar strategik sheriklikning mustahkamlanishiga, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalardagi hamkorlikning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilmoqda. Aynan shunday tarixiy jarayonlar fonida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan Turkiya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi alohida siyosiy va amaliy ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarida savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda o‘zaro savdo hajmining barqaror o‘sishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmining ortib borayotgani hamda qo‘shma korxonalar sonining ko‘payishi buning yaqqol dalilidir. Davlat rahbarlari o‘zaro savdo hajmini 5 milliard AQSH dollariga yetkazish, eksport–import amaliyotlarini diversifikatsiya qilish va qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdilar. Mazkur maqsadga erishishda Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasini kengaytirish, bojxona va texnik tartib-taomillarni soddalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekistonning Turkiyaga eksport salohiyati asosan to‘qimachilik mahsulotlari, rangli va qora metall buyumlari, kimyo sanoati mahsulotlari, qishloq xo‘jaligi xomashyosi va tayyor oziq-ovqat mahsulotlari hisobiga kengayib bormoqda. O‘z navbatida, Turkiyadan O‘zbekistonga sanoat uskunalari, elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari, farmatsevtika va yengil sanoat mahsulotlari import qilinmoqda. Bu holat ikki davlat iqtisodiyotlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligini va ishlab chiqarish kooperatsiyasi uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.
Tashrif davomida sanoat kooperatsiyasi, eksportga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va qo‘shma korxonalar orqali uchinchi mamlakatlar bozorlariga chiqish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, to‘qimachilik, mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar muhokama qilindi. Bu loyihalar nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini qondirishga, balki Yevropa, Yaqin Sharq va Osiyo bozorlariga raqobatbardosh mahsulotlar eksportini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Transport-logistika yo‘nalishidagi hamkorlik ham ikki tomonlama savdo aloqalarini kengaytirishda muhim o‘rin tutadi. Tomonlar Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi, multimodal tashish tizimlari va logistika markazlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali eksport-import operatsiyalarini tezlashtirish va tannarxni kamaytirish masalalarini muhokama qildilar. Bu esa O‘zbekiston mahsulotlarining Turkiya orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Tashrif doirasida ta’lim va madaniyat sohalaridagi hamkorlik masalalari ham savdo-iqtisodiy munosabatlar bilan uzviy bog‘liq holda ko‘rib chiqildi. Toshkent shahrida turk maktabini qurish uchun yer uchastkasi ajratilishi va Istanbul shahrida o‘zbek tili maktabi qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi inson kapitalini rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Kengash yig‘ilishi doirasida o‘tkazilgan sermahsul muzokaralar, Istanbulda o‘zbek tili maktabi qurilishi va Hatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasini topshirish marosimlari ikki davlat munosabatlari tarixida muhim o‘rin egallashini alohida qayd etdi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi O‘zbekiston–Turkiya hamkorligi bugun keng qamrovli, ko‘p qirrali va uzoq muddatli strategik sheriklik sifatida shakllanib borayotganini yaqqol namoyon etdi.