Oliy darajadagi tashrif: Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlari

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri janob Shahboz Sharifning taklifiga binoan 2024-yil 5–6-fevral kunlari Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi bilan borishi ikki tomonlama munosabatlar tarixida muhim siyosiy voqea hisoblanadi.

Mazkur davlat tashrifi Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hamkorlikni yanada rivojlantirish, strategik sheriklikni chuqurlashtirish hamda ikki mamlakat oʻrtasidagi koʻp qirrali aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.

Davlat tashrifi doirasida oliy darajada keng qamrovli muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, unda siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, transport va logistika yoʻlaklarini rivojlantirish, energetika, sanoat, farmatsevtika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi, axborot texnologiyalari hamda taʼlim va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Pokiston Islom Respublikasini Janubiy Osiyodagi muhim siyosiy va iqtisodiy hamkor, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlashda muhim oʻrin tutuvchi davlat sifatida eʼtirof etadi. Shu nuqtayi nazardan, mazkur tashrif mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, savdo hajmlarini oshirish, qoʻshma loyihalar va tashabbuslarni ilgari surish, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashish uchun muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.

Tashrif yakunlari boʻyicha ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar, oʻzaro manfaatli kelishuv va bitimlar imzolanishi kutilmoqda. Ushbu hujjatlar amaliy hamkorlikni kengaytirish, ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish hamda ikki mamlakat xalqlari farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi mamlakatimizning ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati izchil davom etayotganini yaqqol namoyon etadi. Ushbu tashrif Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida barqarorlik, taraqqiyot va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarga muhim hissa qoʻshishi bilan ahamiyatlidir.

Botirjon Mallabayev
Ijtimoiy fanlar fakulteti
O‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image