Qoʻshma deklaratsiya hamda Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisidagi bayonnoma Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy-huquqiy hujjatlar hisoblanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif oʻrtasida boʻlib oʻtgan oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishidan soʻng imzolangan Qoʻshma deklaratsiya hamda Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish toʻgʻrisidagi bayonnoma Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim siyosiy-huquqiy hujjatlar hisoblanadi.

Mazkur hujjatlar ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklikni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda amaliy hamkorlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qiladi. Yetakchilar huzurida boʻlib oʻtgan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning yuqori darajaga koʻtarilganini yaqqol namoyon etdi.

Xususan, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida 2026–2028-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturining imzolanishi siyosiy muloqotni tizimli asosda davom ettirish, xalqaro va mintaqaviy masalalar boʻyicha muvofiqlashtirilgan yondashuvni taʼminlashga qaratilgan muhim hujjat sifatida baholanadi. Oʻzbekiston–Pokiston Ishbilarmonlik kengashi hamda hududlararo forumni tashkil etish toʻgʻrisidagi bitimlar esa ishbilarmon doiralar va hududlar oʻrtasidagi bevosita aloqalarni faollashtirish orqali savdo va investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qiladi.

Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimga yangi tovarlar roʻyxatini kiritish, port xizmatlari va chegirmalar taqdim etish boʻyicha kelishuvlar oʻzaro savdoni liberallashtirish, logistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda tovar ayirboshlash hajmini sezilarli darajada oshirish uchun qulay sharoit yaratadi. Konchilik va geologiya, qishloq xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari va rivojlanish, farmatsevtika, toʻqimachilik va tikuvchilik sanoati sohalaridagi bitimlar real sektor tarmoqlarida uzoq muddatli va barqaror hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.

Raqamli va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisidagi hujjatlar zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga mos ravishda innovatsiyalarni joriy etish, xalqlar oʻrtasidagi madaniy almashinuvni kengaytirish hamda yoshlar va sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Buyuk Boburiylar sulolasining ilmiy-maʼrifiy, madaniy va meʼmoriy merosini asrash va targʻib qilish boʻyicha kelishuv ikki mamlakatni bogʻlab turuvchi umumiy tarixiy ildizlarga chuqur hurmat ifodasidir.

Radiatsiya va yadro xavfsizligi, ekologiya va tabiiy ofatlar, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, korrupsiyaga qarshi kurashish, giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish kabi sohalardagi bitimlar xavfsizlik, barqarorlik va qonun ustuvorligini taʼminlash borasida tomonlarning yaqin hamkorlikka qatʼiy intilishini namoyon etadi. Shuningdek, ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni oʻtashni davom ettirish uchun topshirish toʻgʻrisidagi kelishuv huquqiy hamkorlikni mustahkamlash yoʻlidagi muhim qadam hisoblanadi.

Umuman olganda, imzolangan hujjatlar majmui Oʻzbekiston–Pokiston strategik sherikligini mazmunan boyitib, savdo-iqtisodiy, ilmiy, madaniy va xavfsizlik sohalarida uzoq muddatli, barqaror va oʻzaro manfaatli hamkorlikni taʼminlashga qaratilgan mustahkam huquqiy asos yaratadi hamda ikki mamlakat xalqlarining farovonligi va mintaqaviy barqarorlikka xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Bekzod ABBOSOV
Ijtimoiy fanlar fakulteti dotsenti

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image