O‘zbekiston va Pokiston: Yangi hamkorlik sari muhim qadamlar.

So‘nggi kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat siyosiy, balki iqtisodiy va madaniy jihatdan ham muhim voqea bo‘ldi. Talaba sifatida bu tashrifni katta qiziqish bilan kuzatdim va unda mamlakatimiz kelajagi uchun juda muhim qarorlar qabul qilinganini ko‘rdim.


Avvalo, Prezidentimiz Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan uchrashib, tor doirada muzokaralar olib bordi va Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi. Bu esa O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Ikki davlat endilikda nafaqat do‘stona aloqalar, balki uzoq muddatli strategik sheriklik asosida hamkorlik qiladi.


Tashrif davomida eng muhim voqealardan biri — Qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi bo‘ldi. Ushbu hujjat ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport, energetika, ta’lim va ilm-fan sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, turli yo‘nalishlar bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar almashildi.


Meni ayniqsa quvontirgan jihatlardan biri — Islomobod shahridagi ko‘chalardan biriga “Toshkent” nomi berilgani va yangi bog‘ga buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomi qo‘yilgani bo‘ldi. Bu voqea ikki xalq o‘rtasidagi tarixiy va madaniy rishtalar qanchalik mustahkam ekanini ko‘rsatadi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston–Pokiston biznes forumi ham o‘tkazildi. Unda Prezidentimiz yirik kompaniyalar — HRL Group, Engro Group, Gohar Textile va Go Group rahbarlari bilan uchrashdi. Ushbu uchrashuvlar sanoat, energetika, to‘qimachilik, infratuzilma va investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirishga yo‘l ochadi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va iqtisodiyotimiz rivojiga xizmat qiladi.


Yana bir muhim voqea — Prezidentimizga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvonlari berildi. Bu O‘zbekiston rahbariga bo‘lgan hurmat va ta’lim sohasidagi hamkorlikning kuchayib borayotganidan dalolatdir.


Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari OAV vakillari uchun bayonot berib, kelgusidagi rejalar va ustuvor yo‘nalishlarni e’lon qildilar. Ular savdo hajmini oshirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish, yoshlar va talabalar almashinuvini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Xulosa qilib aytganda, ushbu tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamladi. Talaba sifatida bu hamkorlik kelajakda biz yoshlar uchun yangi imkoniyatlar, ta’lim dasturlari, ish o‘rinlari va tajriba almashish yo‘llarini ochishiga ishonaman. Bunday muhim tashriflar mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida katta qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Akramjon Zokirjonov

Fizika-matematika fakulteti talabasi

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image