Strategik hamkorlik - Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlari tarixida muhim siyosiy voqea boʻldi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahrida Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan oʻtkazilgan oliy darajadagi muzokaralar va Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlari tarixida muhim siyosiy voqea boʻldi.

Uchrashuvlar davomida ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi hamda amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi aloqalar jadal rivojlanib borayotgani alohida taʼkidlandi. Siyosiy muloqot mustahkamlanib, parlamentlararo va idoralararo hamkorlik kengayib bormoqda. Savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada faollashib, oʻtgan yil yakunlariga koʻra oʻzaro savdo hajmi qariyb 500 million AQSh dollariga yetdi. Oʻzbekiston hududida Pokiston kapitali ishtirokidagi yuzlab korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda, aviaqatnovlar soni oshib, banklararo hamkorlik izchil rivojlanmoqda.

Toʻqimachilik, farmatsevtika, kimyo, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, yengil sanoat va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda amalga oshirilayotgan kooperatsiya loyihalari oʻzaro manfaatli hamkorlikning muhim yoʻnalishlari sifatida eʼtirof etildi. Tashrifga tayyorgarlik doirasida umumiy qiymati qariyb 3,5 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirilgani amaliy hamkorlik salohiyati yuqori ekanini tasdiqlaydi.

Tomonlar yaqin istiqbolda oʻzaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini qoʻyib, Imtiyozli savdo bitimi doirasini kengaytirish, fitosanitariya ruxsatnomalarini soddalashtirish, shuningdek, Oʻzbekistonning Lahor va Karachidagi savdo uylaridan samarali foydalanish yuzasidan muhim kelishuvlarga erishdilar. Ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston–Pokiston Ishbilarmonlar kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror alohida ahamiyat kasb etadi.

Transport va logistika sohasidagi hamkorlik mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirishning muhim omili sifatida belgilandi. Transafgʻon temir yoʻli loyihasini jadallashtirish hamda “Pokiston – Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” transport yoʻlagini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Hududlararo hamkorlikni faollashtirish iqtisodiy aloqalarning yangi drayveri sifatida baholanib, Oʻzbekiston–Pokiston hududlararo forumini tashkil etish va uning birinchi yigʻilishini Xorazm viloyatida oʻtkazish tashabbusi ilgari surildi.

Madaniy-gumanitar sohada hamkorlikni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlash masalalari ham muhim yoʻnalishlar sifatida qayd etildi. Joriy yilda Pokistonda Oʻzbekiston madaniyati haftaliklari va Oʻzbekiston kinosi kunlarini oʻtkazish, shuningdek, Boburiylar merosini targʻib qilish maqsadida Lahor shahrida qoʻshma madaniyat markazini tashkil etish taklifi tarixiy va madaniy aloqalarning uzviyligini yana bir bor namoyon etadi.

Muzokaralar davomida xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashilib, koʻp tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga qatʼiy intilish bildirildi.

Umuman olganda, mazkur davlat tashrifi va oliy darajadagi kelishuvlar Oʻzbekiston–Pokiston strategik sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga, Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Shuhratjon Xaydaraliyev
Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image