Islomobodda Toshkent ko‘chasi va Bobur nomidagi yangi bogʻni tashkil etilishi O‘zbekiston–Pokiston do‘stligi va strategik ishonchining ramzi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi doirasida Islomobod shahridagi koʻchalardan biriga Toshkent nomini berish hamda buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi yangi bogʻni barpo etish toʻgʻrisidagi qaror Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlari tarixida alohida ramziy va maʼnaviy ahamiyatga ega voqea boʻldi.

Mazkur tashabbus ikki xalq oʻrtasidagi asrlar davomida shakllangan tarixiy, madaniy va maʼnaviy aloqalarning mushtarak ildizlarga ega ekanini yaqqol namoyon etadi. Islomobod shahrida Toshkent koʻchasining paydo boʻlishi Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan munosabatlarning mustahkam ekanidan dalolat beradi.

Buyuk sarkarda, davlat arbobi va mutafakkir Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladigan yangi bogʻning tashkil etilishi esa ikki mamlakat xalqlari uchun umumiy boʻlgan boy tarixiy merosga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi hisoblanadi. Boburiylar sulolasi asoschisi boʻlgan bu ulugʻ siymo Oʻrta Osiyo va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi uzviy tarixiy bogʻliqlik ramzi sifatida eʼtirof etiladi.

Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan ushbu qarorning Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklik munosabatlarining strategik darajasini tasdiqlovchi muhim qadam ekani alohida taʼkidlangani, tomonlarning madaniy-gumanitar hamkorlikka katta ahamiyat qaratayotganini koʻrsatadi.

Toshkent koʻchasi va Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bogʻ xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, qardoshlik va oʻzaro anglashuvni yanada mustahkamlashga boʻlgan qatʼiy intilishning yaqqol ramziga aylanishi shubhasizdir. Ushbu tashabbuslar yosh avlodni umumiy tarixiy meros ruhida tarbiyalash, madaniy aloqalarni kengaytirish hamda ziyorat va madaniy turizmni rivojlantirishga ham xizmat qiladi.

Umuman olganda, mazkur marosim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar orasida alohida maʼnaviy-siyosiy ahamiyat kasb etib, Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi yuqori darajasi va kelgusidagi istiqbollarini yaqqol ifodalab berdi.

Baxtiyor BOLTABAYEV
Ijtimoiy fanlar fakulteti Yoshlar bilan ishlash bo’yicha dekan o‘rinbosari

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image