Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona va strategik hamkorlik munosabatlarini yangi darajaga olib chiqdi. Islomobodda yuksak darajada tashkil etilgan rasmiy uchrashuvlar, muzokaralar va forumlar Oʻzbekiston–Pokiston aloqalarining siyosiy, harbiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Tashrif dasturi “Nurxon” aeroportida Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan rasmiy kutib olish marosimi bilan boshlandi. Davlatimiz rahbari Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qoʻmondoni, quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni Asim Munir bilan ham uchrashdi. Uchrashuv davomida harbiy hamkorlik va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilindi, ikki tomonlama ishonch va strategik sheriklikni mustahkamlashga doir kelishuvlar asoslari belgilandi.
Shundan soʻng Prezident Shavkat Mirziyoyevni Islomoboddagi ajratilgan qarorgohda Pokiston Bosh vaziri o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dor kutib oldi. Bu yerda olib borilgan muzokaralarda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy muloqot va diplomatik aloqalarni rivojlantirish, mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Pokiston Bosh vazirining qarorgohida davlatimiz rahbarini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Shundan soʻng Prezident Mirziyoyev va Bosh vazir Shahboz Sharif tor doirada muzokaralar oʻtkazib, Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini olib bordilar. Muzokaralar natijasida Qoʻshma deklaratsiya imzolandi va ikki tomonlama hujjatlar almashildi, bu esa ikki davlat munosabatlarini yangi sifat bosqichiga ko‘tarishga xizmat qiladigan amaliy natija sifatida e’tirof etildi.
Tashrif doirasida amalga oshirilgan madaniy-gumanitar tashabbuslar ham ikki davlat aloqalarining tarixiy ildizlarini yodga soladi. Islomobod shahridagi koʻchalardan biriga Toshkent nomi berildi, shuningdek, yangi barpo etiladigan bog‘ga buyuk mutafakkir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur nomi qo‘yildi. Bu tashabbuslar ikki xalq oʻrtasidagi tarixiy rishtalar va ma’naviy yaqinlik ramzi sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Shahboz Sharif Oʻzbekiston–Pokiston biznes forumida ham ishtirok etdilar. Forumda 300 dan ortiq yetakchi sanoat korxonalari, savdo kompaniyalari va ishbilarmonlik tuzilmalari vakillari qatnashdi. Tadbir doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni 2 milliard dollarga yetkazishni nazarda tutuvchi muhim bayonnoma imzolandi. Shu bilan birga, davlatimiz rahbari Pokistonning yetakchi kompaniyalari — “HRL Group”, “Engro Group”, “Gohar Textile” va “Go Group” rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazib, investitsiya va sheriklik imkoniyatlarini kengaytirishga doir kelishuvlarga erishdi.
Tashrif yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokistonning oliy davlat mukofoti — “Nishoni Pokiston” ordeni bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak mukofot davlatimiz rahbariga, shuningdek, Oʻzbekiston–Pokiston munosabatlarining bugungi darajasiga berilgan e’tirof sifatida tarixda qoldi.
Shu bilan, davlat tashrifi ikki tomonlama aloqalarga yangi sifat bagʻishladi va siyosiy, iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratdi. Ushbu tashrif Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi strategik sheriklik tarixida muhim voqea sifatida baholanmoqda.