O‘zbekiston – Pokiston strategik hamkorligi: kelishuvlardan amaliy natijalargacha

Islomobod shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston–Pokiston Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida muhim bosqich bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif oliy darajada o‘tkazilgan muzokaralar yakunlarini yuqori baholab, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilganining besh yilligiga to‘g‘ri kelgani bilan ham alohida ahamiyat kasb etdi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama aloqalar izchil rivojlanib, siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.

Iqtisodiy ko‘rsatkichlar hamkorlikning mustahkam poydevorini ko‘rsatmoqda

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yil yakunida o‘zaro savdo hajmi salkam 500 million dollarga yetgan, O‘zbekistonda esa Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘payib, banklararo munosabatlar mustahkamlanmoqda.

Shu bilan birga, so‘nggi besh yil ichida o‘zaro savdo hajmi 2,5 baravarga, qo‘shma korxonalar va loyihalar soni esa qariyb 3 baravarga oshgani alohida qayd etildi. Yaqin istiqbolda savdo aylanmasini 2 milliard dollarga yetkazish strategik vazifa sifatida belgilandi.

Yirik investitsiya portfeli va sanoat kooperatsiyasi

Tashrifga tayyorgarlik jarayonida qariyb 3,5 milliard dollarlik investitsiya va savdo loyihalari portfeli shakllantirilgani ikki tomon iqtisodiy sheriklikni uzoq muddatli va tizimli asosda rivojlantirishga qat’iy bel bog‘laganini ko‘rsatadi.

Farmatsevtika, to‘qimachilik, elektrotexnika, tog‘-kon, oziq-ovqat sanoati hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini kengaytirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishildi. Bu esa siyosiy kelishuvlarning real iqtisodiy natijalarga aylanayotganidan dalolat beradi.

Transport, logistika va mintaqaviy bog‘liqlik

Muzokaralarda transport-logistika masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Transafg‘on temir yo‘li loyihasini jadallashtirish hamda “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” transport yo‘lagini rivojlantirish mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlovchi muhim omil sifatida baholandi.

Xalqaro va madaniy-gumanitar hamkorlik

O‘zbekiston Prezidentining Pokiston tomonidan mamlakatimizning “Jahon savdo tashkiloti”ga a’zo bo‘lish jarayonini faol qo‘llab-quvvatlayotgani uchun bildirgan minnatdorligi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy ishonch darajasini ko‘rsatdi. Shuningdek, Pokistonning 2025–2026-yillarda BMT Xavfsizlik Kengashi muvaqqat a’zosi sifatidagi faoliyatiga yuqori baho berildi.

Madaniy yo‘nalishda esa Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazish, shuningdek, Boburiylar merosini targ‘ib qilish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar ilgari surildi.

Islomobodda bo‘lib o‘tgan muzokaralar O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligi deklarativ bayonotlardan aniq iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy loyihalarga o‘tayotganini yaqqol ko‘rsatdi. Raqamlar va kelishuvlar ushbu hamkorlik uzoq muddatli, barqaror va o‘zaro manfaatli ekanini tasdiqlamoqda.

Muhriddin SODIRJONOV
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image