O‘zbekiston–Turkiya do‘stligi: yangi davr, yangi imkoniyatlar

Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrif bilan bordi. Ushbu tashrif O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro siyosiy muloqotni mustahkamlash hamda strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim voqea bo‘ldi.

Tashrif doirasida davlatimiz rahbarini Istanbul xalqaro aeroportida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an hamda uning rafiqasi Emine Erdog‘an shaxsan kutib oldilar. Xalqaro diplomatik protokol amaliyotida kamdan-kam uchraydigan bunday yuksak darajadagi e’tibor O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasida shakllangan alohida do‘stona, o‘zaro ishonchga asoslangan hamda mustahkam strategik sheriklik munosabatlarining yorqin ifodasi sifatida baholanadi.

Mazkur holat ikki qardosh davlat rahbarlari o‘rtasida qaror topgan ochiq va konstruktiv siyosiy muloqot, o‘zaro hurmat hamda samimiylikka asoslangan aloqalarning yuksak darajasini yaqqol namoyon etdi. Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va ma’naviy mushtaraklik, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika, sanoat, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga bo‘lgan o‘zaro intilishning amaliy tasdig‘i bo‘ldi.

Rasmiy tashrif ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish, mintaqaviy va xalqaro miqyosda dolzarb masalalar yuzasidan pozitsiyalarni muvofiqlashtirish hamda qardosh xalqlar manfaatlariga xizmat qiladigan uzoq muddatli istiqbolli loyihalarni ilgari surishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Turkiya Respublikasining Hatay viloyatida O‘zbekiston Respublikasi tashabbusi va ko‘magida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasidagi xonadonlarni tantanali ravishda o‘z egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur majmua tabiiy ofat oqibatida zarar ko‘rgan hudud aholisi uchun zamonaviy talablar asosida barpo etilib, turar joylar barcha zarur infratuzilma — muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy xizmatlar va qulay yashash sharoitlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Ushbu ezgu tashabbus O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik, insonparvarlik va o‘zaro ko‘mak tamoyillariga asoslangan hamkorlikning yana bir yorqin namoyoniga aylandi. “O‘zbekiston” turar joy majmuasining bunyod etilishi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki gumanitar yo‘nalishlarda ham izchil rivojlanib borayotganini yaqqol tasdiqlaydi.

Shu bilan birga, rasmiy tashrif doirasida Istanbul shahrida o‘zbek maktabi qurilishiga start berildi. Mazkur ta’lim muassasasi Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonliklar farzandlari uchun ona tilida ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, milliy madaniyat va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalashga xizmat qiladi. Maktab zamonaviy ta’lim standartlariga mos infratuzilmaga ega bo‘lib, yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini kuchaytirish hamda o‘zaro ishonch va hamjihatlikni amaliy ishlarda namoyon etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Baxtiyor BOLTABOYEV
Ijtimoiy fanlar fakulteti
Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari

 

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image