Joriy yilning 29-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Anqara xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va uning rafiqasi shaxsan kutib oldi. Diplomatik amaliyotda kam uchraydigan ushbu holat ikki davlat o‘rtasidagi alohida do‘stona va ishonchli munosabatlarning yorqin ifodasi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro savdo hajmining 3 milliard dollardan oshishi, 2,2 mingtadan ziyod qo‘shma korxonalar faoliyat yuritayotgani hamda qariyb 10 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgani ikki mamlakat iqtisodiy manfaatlarining o‘zaro uyg‘unlashib borayotganidan dalolat beradi. Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida shakllantirilgan 9 milliard dollarlik loyihalar portfeli sanoat, infratuzilma, logistika va ishlab chiqarish sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish imkonini yaratmoqda. Shu bilan birga, haftasiga 100 ga yaqin aviaqatnovning amalga oshirilishi hamkorlik aloqalarini jadallashib borayotganini ko‘rsatadi.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi mazkur siyosiy yaqinlikni institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qildi. Yig‘ilishda siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishib oldilar.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Turkiya Respublikasi Prezidenti Qo‘shma bayonot hamda keng qamrovli strategik sheriklik doirasidagi hamkorlik mexanizmlari to‘g‘risidagi qarorni imzoladilar. Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning turli yo‘nalishlarini qamrab olgan keng hujjatlar to‘plami qabul qilindi.
Xususan, sog‘liqni saqlash, ta’lim va harbiy tibbiyot, iqtisodiy va moliyaviy hamkorlik, konchilik sanoati, xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, maxsus iqtisodiy zonalar, yadro xavfsizligi va radiatsion himoya, migratsiyaga ko‘maklashish hamda fuqarolarni qaytarish sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi. Shuningdek, diniy sohadagi hamkorlik, tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2026-2027-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, ta’lim va madaniyat sohalaridagi bayonnoma hamda hamkorlik rejalari qabul qilindi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish muhimligini ta’kidladilar. Ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish maqsadida joriy yil bahorida Buxoro shahrida to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Tashrifning muhim gumanitar qismi Hatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilishi bo‘ldi. Uch yil avval sodir bo‘lgan vayronkor zilziladan keyin O‘zbekiston Turkiyaga ko‘rsatgan amaliy yordami bilan qardoshlik va hamjihatlikning yuksak namunasini namoyon etdi. Qisqa muddatda o‘zbekistonlik qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlarining ofat hududiga yetib borishi, inson hayotini saqlab qolishga qaratilgan sa’y-harakatlar, shuningdek, Arsuz tumanida barpo etilgan 300 dan ziyod xonadonli zamonaviy turar joy majmuasi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni amaliy ishlar bilan mustahkamladi.
Istanbul shahrining Bekirkyoy tumanida o‘zbek maktabi qurilishiga asos solinishi O‘zbekistonning xorijdagi birinchi ta’lim muassasasi sifatida tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu maktab Turkiyada yashovchi o‘zbek farzandlarining ona tili, milliy qadriyatlar va madaniy an’analarini saqlab qolishda muhim o‘rin tutadi hamda ikki davlat o‘rtasidagi gumanitar hamkorlikning yangi yo‘nalishini belgilab beradi.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiya Respublikasiga rasmiy tashrifi O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqdi. Imzolangan kelishuvlar, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va gumanitar tashabbuslar keng qamrovli strategik sheriklikning mustahkam va barqaror ekanini tasdiqladi. Bu hamkorlik nafaqat ikki davlat manfaatlariga, balki mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga ham xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Narimon DEXQANOV
Registrator ofis boshlig‘i