MUROJAAT - ISHONCH VA ISLOHOTLARGA YO‘L XARITASI

2025-yil yakunida Prezident tomonidan yangragan navbatdagi Murojaatnoma nafaqat hisobot, balki kelajakka qaratilgan aniq maqsad va qat’iy islohotlar dasturi sifatida jamiyat ongida chuqur aks sado berdi. Bu murojaat — davlat bilan xalq o‘rtasidagi ochiq muloqotning yana bir yorqin namunasi, odamlar dardi va orzulari markazga qo‘yilgan siyosiy hujjat bo‘ldi.

Ayniqsa, Murojaatda «davlat idoralari xalq uchun xizmat qilishi shart» degan tamoyil yana bir bor qat’iy ta’kidlandi. Bu so‘zlar qog‘ozda qolib ketmasdan, hayotga tatbiq etilayotgani — fuqaro sifatida biz uchun eng muhim masaladir.

Murojaatda iqtisodiy barqarorlik, ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida urg‘u berildi. Soliq yukini yengillashtirish, kichik biznesga keng imkoniyatlar ochish orqali aholi daromadini oshirish — bugungi kunda har bir oilaning turmush darajasi bilan bevosita bog‘liq. Bu esa faqat raqamlar emas, balki millionlab insonlarning hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar demakdir.

Ijtimoiy sohada belgilangan vazifalar esa murojaatning eng ta’sirli jihatlaridan biri bo‘ldi. Ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qarorlar har bir fuqaroning ertangi kuniga ishonchini mustahkamlaydi. Ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani — jamiyat taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga ega.

Murojaatnomada mahallalarni rivojlantirish, hududlarda muammolarni kompleks hal etishga qaratilgan yondashuv ham nihoyatda qimmatlidir. Bu — odamlar muammosi yuqori idoralarga chiqmasdan, joyida hal etiladigan tizim shakllanayotganidan dalolatdir. Fuqaro sifatida biz bunday yondashuvni yillar davomida kutgan edik.

Eng muhimi, murojaat umid uyg‘otdi. U so‘zda emas, amalda islohot qilishga bo‘lgan qat’iy irodani namoyon etdi. Chunki bugun O‘zbekistonda qarorlar qabul qilinishi bilan birga, ularning ijrosi ham jamoatchilik nazorati ostiga olinmoqda.

Xulosa qilib aytganda, 2025 yilgi Prezident Murojaatnomasi — bu shunchaki siyosiy nutq emas. Bu — xalq bilan tuzilgan ochiq kelishuv, kelajakka yo‘naltirilgan aniq yo‘l xaritasi. Fuqaro sifatida bizdan talab etiladigani esa bitta: islohotlarga befarq bo‘lmaslik, o‘z mas’uliyatimizni his qilish va yangilanish jarayonida faol ishtirok etish.

Chunki kuchli davlat - faol fuqarolar bilan barpo etiladi.

Obidxon XUSANXO‘JAYEV
Filologiya fakulteti dekani

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image