Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ta’lim va yoshlar — strategik ustuvorlik

Davlatimiz rahbari Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Oliy Majlisga va ko‘p millatli xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida ta’lim, ilm-fan va yoshlar masalalari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab berildi. Ushbu Murojaatnoma mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning izchil davom etayotgani, ayniqsa, yosh avlodning intellektual va kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan aniq va tizimli chora-tadbirlar bilan ajralib turadi.
 
So‘nggi yillarda yoshlarimizning sport, ilm-fan va xalqaro maydonlardagi yuksak yutuqlari bevosita davlat siyosatida yoshlarga bo‘lgan e’tibor kuchayganining amaliy samarasidir. Milliy terma jamoamizning futbol bo‘yicha Jahon chempionatiga ilk bor yo‘llanmani qo‘lga kiritgani, shaxmatchilarimiz va sportchilarimizning jahon va Osiyo miqyosidagi g‘alabalari, xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchi va talabalarimiz tomonidan qo‘lga kiritilayotgan yuzlab medallar — bularning barchasi ta’lim tizimidagi islohotlar to‘g‘ri yo‘nalishda olib borilayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
 
Murojaatnomada ta’lim sifati va kasbiy tayyorgarlik masalalariga alohida urg‘u berilgani bejiz emas. Maktablar, texnikumlar va oliy ta’lim muassasalarini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, xorijiy ilg‘or ta’lim dasturlarini joriy etish, “dual ta’lim” tizimini kengaytirish orqali yoshlarni mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllantirish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Texnikumlarda tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun stipendiyalar joriy etilishi, “a’lo” baholarga o‘qiyotgan yoshlarning moddiy rag‘batlantirilishi ijtimoiy adolat va bilimga bo‘lgan e’tiborning yaqqol ifodasidir.
 
Shu bilan birga, O‘zbekistonning kosmik sohadagi yangi tashabbuslari — sun’iy yo‘ldoshni fazoga uchirish va birinchi o‘zbek kosmonavtini tayyorlash bo‘yicha ishlar boshlanganining e’lon qilinishi — yoshlarimiz uchun ilm-fan va yuqori texnologiyalar sohasida mutlaqo yangi ufqlarni ochmoqda. Bu tashabbuslar nafaqat mamlakatimiz ilmiy salohiyatini oshiradi, balki yosh avlodni innovatsion fikrlashga, zamonaviy kasblarni egallashga va global raqobatga tayyor bo‘lishga undaydi.
 
Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan “yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatbardosh bo‘lishi, hatto bir pog‘ona ustun turishi kerak” degan fikr bugungi islohotlarning bosh g‘oyasini ifodalaydi. Ta’lim muassasalarini modernizatsiya qilish, kasb-hunar ta’limini real sektor bilan uzviy bog‘lash, yoshlarni ish bilan ta’minlashga qaratilgan rag‘batlar va imtiyozlar — bularning barchasi Yangi O‘zbekistonning kelajagini bilimli, malakali va tashabbuskor yoshlar bilan bog‘lashga qaratilgan puxta strategiyadir.
 
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada belgilangan vazifalar va tashabbuslar O‘zbekiston taraqqiyotining uzoq muddatli poydevorini yaratadi. Ta’lim va yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ilm-fan va texnologiyalarga berilayotgan e’tibor mamlakatimizni barqaror rivojlanish sari yetaklaydi. Bu islohotlar Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi bo‘lgan yosh avlodning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
 
Shoxruh SULTANOV
Namangan davlat universiteti tayanch doktoranti

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image