Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda
Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan “Jonajon Vatanimiz bugun yangicha siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, ma’naviy munosabatlar asosida yashab, mehnat qilayotgan, mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar diyoriga aylanmoqda” degan fikrlari zamirida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlarning mohiyati va strategik yo‘nalishlari mujassamdir. Mazkur g‘oya Yangi O‘zbekiston taraqqiyot modelining markazida inson omili turganini ilmiy-nazariy jihatdan asoslab beradi.
Avvalo, yangicha siyosiy-huquqiy munosabatlar shakllanishi davlat boshqaruvida qonun ustuvorligi, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarining mustahkamlanishi bilan bevosita bog‘liqdir. So‘nggi yillarda huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, davlat organlari faoliyatini xalq manfaatlariga xizmat qildirishga qaratilgan. Bu esa shaxsning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirib, uning mustaqil qaror qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.
Ijtimoiy munosabatlar tizimidagi yangilanishlar ham jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, bandlik va ijtimoiy himoya sohalarida olib borilayotgan islohotlar inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ilmiy nuqtayi nazardan qaraganda, bunday yondashuv jamiyatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlaydigan asosiy resurs — bilimli, tashabbuskor va ijtimoiy faol shaxsni shakllantirishga qaratilgandir.
Barqaror rivojlanish va ijtimoiy farovonlikni ta’minlash har bir davlatning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, har qanday rivojlangan jamiyatning asosiy resursi bu – inson kapitali hisoblanadi. Ayniqsa, zamonaviy davrda davlatning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyoti ko‘proq bilimli, tashabbuskor va ijtimoiy faol shaxslarning salohiyatiga bog‘liq.
Shu bilan birga, ma’naviy munosabatlarning yangicha mazmunda qaror topishi jamiyatda erkin fikrlash, bag‘rikenglik va mas’uliyat hissining kuchayishiga olib kelmoqda. Ma’naviy yangilanish jarayonlari shaxs erkinligini ta’minlash bilan bir qatorda, uning jamiyat oldidagi burchi va ijtimoiy mas’uliyatini ham kuchaytiradi. Bu holat demokratik jamiyat rivojining muhim ko‘rsatkichlaridan biri sifatida baholanadi.
Murojaatnomada ilgari surilgan ushbu g‘oya Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining konseptual asoslarini ifodalaydi. Unda siyosiy-huquqiy islohotlar, ijtimoiy rivojlanish va ma’naviy yuksalishning uzviy bog‘liqligi ilmiy jihatdan o‘z ifodasini topgan. Buning pirovardida mustaqil fikrlaydigan, ozod va erkin insonlar jamiyatning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylanib, mamlakatimizni barqaror va taraqqiy etgan demokratik davlat sifatida rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
To‘xtasinov Mira’zam
Ijtimoiy fanlar fakulteti 4-bosqich talabasi