Prezident murojaatnomasi: Inson kapitali – Yangi O‘zbekiston qudratining bosh manbai!

O‘ZBEKISTONNING XALQARO NUFUZI ORTMOQDA: “BU ODDIY FAKT EMAS  -  KATTA NATIJANING IFODASI”

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori izchil oshib borayotganini ta’kidlarkan, yetakchi reyting agentliklari mamlakatimiz suveren reytingini “BB-”dan “BB” bosqichiga ko‘targanini alohida qayd etdi. Davlat rahbari bu borada shunday dedi: “Bu gaplar ko‘pchilikka oddiy bir fakt bo‘lib tuyulishi mumkin. Lekin iqtisodchilar, investor va bankirlar gap naqadar katta natijalar haqida borayotganini juda yaxshi tushunib turibdi”.

Mazkur baholash nafaqat xalqaro moliya doiralari ishonchining ortganidan, balki O‘zbekiston iqtisodiyotining barqarorlikka, tizimli islohotlarga va ochiqlik siyosatiga tayanayotganidan dalolat beradi. Reytingdagi yuksalish mamlakatning global iqtisodiy makondagi mavqeini mustahkamlaydi, investorlar ishonchini kuchaytiradi va iqtisodiy sharoitlarni yanada qulaylashtiradi.

TEXNOLOGIK YUKSALISH  -  RAQAMLI IQTISODIYOT SARI DADIL QADAM

Prezidentning murojaatida O‘zbekistonning texnologik taraqqiyoti ham yuksak baholandi. Jahon banki e’lon qilgan Texnologik yetuklik indeksida mamlakatimiz 71 pog‘ona yuqorilab, dunyoning TOP - 10 davlatlari qatoridan joy oldi. Bu natija islohotlarning zamonaviy iqtisodiy modelga, innovatsiyalar va raqamli tizimlarga tayangan holda olib borilayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekistonning xalqaro texnologik maydondagi faolligi ortib borayotgani mamlakatning global raqobatda kuchli o‘yinchi sifatida shakllanishiga xizmat qilmoqda.

IJTIMOIY SIYOSAT NATIJALARI: “KAMBAG‘ALLIKNI QISQARTIRISH BO‘YICHA MARRANI MUDDATIDAN OLDIN UDDALADIK”

Prezident nutqida ijtimoiy sohadagi ijobiy natijalar ham konkret dalillar bilan qayd etildi. “Bu ishlarni boshlaganimizda aholining uchdan bir qismi kambag‘allik chegarasida yashardi… Natijada uch yil oldin kambag‘allikni 2026-yil yakuni bilan 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan marramizni shu yilning o‘zida uddaladik”,  -  dedi davlat rahbari.

Bugungi kunda 5 million aholining daromadli bo‘lishi, 1,5 million insonning kambag‘allikdan chiqishi, ishsizlikning sezilarli kamayishi va 1 ming 400 dan ortiq mahallaning “kambag‘allikdan xoli” hududga aylanishi  -  yangi ijtimoiy modelning samaradorligini tasdiqlaydi. “Yettilik” tizimi orqali yordam bevosita mahallaga tushishi esa boshqaruvning xalqchil mexanizm sifatida ishlayotganini ko‘rsatmoqda.

SPORT  -  MILLIY G‘URUR VA XALQARO NUFUZ TIMSOLI

Prezident sport sohasidagi muvaffaqiyatlarni “eng muhim yutuqlarimizdan biri” sifatida baholadi:“Azm-u shijoatli sportchilarimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda erishgan g‘alabalari barchamiz uchun faxr”,  -  dedi davlat rahbari.

Milliy terma jamoaning Jahon chempionatiga yo‘llanma olishi, shaxmatchilarimizning yuqori natijalari, paraosiyo o‘yinlaridagi rekord yutuqlar  -  bular O‘zbekiston yoshlarining salohiyati, sport tizimining kuchi va davlat e’tiborining amaliy natijasidir.

YOSHLAR  -  ILM-FAN VA TAFAKKUR MAYDONIDA YUKSALAYOTGAN KUCH

Prezident murojaatida yoshlarning bilim bilan dunyoga yuz tutayotganini alohida faxr bilan ta’kidladi. O‘quvchi va talabalarimizning xalqaro olimpiadalarda erishgan yuzlab medallari, O‘zbekistonning yirik ilmiy va sport tadbirlariga mezbonlik qilishi  -  bu inson kapitaliga qaratilgan siyosatning natijasi. Bu jarayon mamlakatimizning “ilm-fan va sport mamlakati” sifatidagi xalqaro obro‘sini yanada mustahkamlaydi.

MILLIY BIRLIK VA MAHALLA: “38 MILLION XALQNI BIRLASHTIRADIGAN G‘OYA  -  VATAN MANFAATIDIR”

Prezident xalq birdamligi masalasida qat’iy pozitsiyasini bildirdi:
“Tarix davomida qanday sinovlarga duch kelmaylik, biz avvalo birdamlikdan kuch oldik… 38 millionli el-yurtimizni birlashtiradigan ulug‘ g‘oya  -  Vatan va xalq manfaatidir”,  -  dedi davlatimiz rahbari.

Mahalla tizimining jamiyatdagi birlashtiruvchi o‘rni yana bir bor qayd etildi. Mahalla tinch bo‘lsa  -  jamiyat tinch, mahalla rivojlansa  -  butun mamlakat taraqqiy etadi degan tamoyil bugungi siyosatning asosiy tayanch g‘oyasiga aylangan. 

2026  -  “MAHALLANI RIVOJLANTIRISH VA JAMIYATNI YUKSALTIRISH YILI”

Prezidentning ushbu tashabbusi mahalla tizimini yangi strategik bosqichga olib chiqishni, ijtimoiy birdamlikni yanada kuchaytirishni va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishni ko‘zlaydi. Bu qaror O‘zbekistonning yanada jips, farovon va kuchli jamiyat sari dadil borayotganini tasdiqlaydi. 

“YANGI O‘ZBEKISTON – KOSMIK DAVR OSTONASIDA”

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘zbek kosmonavti va milliy sun’iy yo‘ldoshni fazoga uchirish bo‘yicha ishlar boshlanganini e’lon qildi. Davlat rahbari bu qarorni mamlakat ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish, innovatsion taraqqiyotni jadallashtirish va milliy g‘ururni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi:

“Bu – Yangi O‘zbekistonning ilmiy va texnologik rivojlanishiga, umuman, milliy taraqqiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki beradi”, – dedi Prezident.

Mazkur tashabbus O‘zbekistonni global kosmik texnologiyalar hamjamiyatiga yaqinlashtiradi, ilm-fan, yuqori texnologiyalar, muhandislik, axborot tizimlari kabi sohalarning rivojlanishiga kuchli impuls beradi. Shu bilan birga, yoshlar uchun yangi orzu va intilish ufqlarini ochib, milliy ilmiy maktablarning shakllanishiga xizmat qiladi.

Bu qaror O‘zbekistonning xalqaro maydondagi strategik nufuzini yanada oshirish, ilmiy hamkorlik doirasini kengaytirish va texnologik rivojlanishda yangi davrni boshlab berishi bilan ham ahamiyatlidir.

YANGI MEHNAT BOZORI: KASBLAR TRANSFORMATSIYASI

Prezident Shavkat Mirziyoyev texnikumlarni modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy ta’lim markazlariga aylantirish O‘zbekistonning kelajak mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi. Davlat rahbari shunday dedi: “Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori bo‘lgan kasblar bo‘yicha dunyoda raqobatdosh bo‘lsin, kerak bo‘lsa, boshqalardan bir pog‘ona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yo‘lida kasbiy ta’limning eng muhim bo‘g‘ini bo‘lgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz.”

Yaqinda tasdiqlangan besh yillik dastur doirasida texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangi o‘quv muhiti olib kiriladi. 2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikum to‘liq ta’mirdan chiqarilib, yuqori texnologiyalar asosida jihozlanadi. Bu – oddiy infratuzilma yangilanishi emas, balki mehnat bozorining ehtiyojlariga mos, amaliy bilimga tayangan ta’lim modeliga o‘tish demakdir.

Nemis, shveytsar, britan, koreys va xitoy tajribasiga asoslangan ilg‘or kasbiy ta’lim dasturlarining joriy etilishi esa O‘zbekistonda xalqaro standartdagi mutaxassislar tayyorlash jarayonini tezlashtiradi. Shu bilan birga, “Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari” hududiy ta’lim markazlariga, “Kasblar shaharchasi” esa maktab o‘quvchilarini zamonaviy kasblarga yo‘naltiruvchi platformaga aylanadi.

Bu tashabbus O‘zbekistonda nafaqat ishchi kuchini, balki raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirish, yoshlarning kasbiy istiqbolini aniq belgilash, ularga global mehnat bozorida qiymatga ega bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar berishga xizmat qiladi. Demak, texnikumlar yangi iqtisodiyotning tayanchi, ertangi rivojlanishning strategik tayyorlov bazasiga aylanmoqda. 

TEXNIKUMLAR – YANGI IQTISODIYOT UCHUN RAQOBATBARDOSH KADRLAR TAYANCHI

Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, yoshlarni zamonaviy va talab yuqori bo‘lgan kasblarga tayyorlash O‘zbekistonning kelajakdagi raqobatbardoshligini belgilaydi. “Yoshlarimiz dunyo bozorida raqobatdosh bo‘lsin, texnikumlar yangi sifat bosqichiga ko‘tariladi”, degan fikrlar aynan shuni tasdiqlaydi.

2026-yildan boshlab har yili kamida 100 ta texnikumning to‘liq ta’mirlanishi, zamonaviy texnologik jihozlar bilan ta’minlanishi – bu oddiy infratuzilma islohoti emas, balki mehnat bozori ehtiyojiga mos, amaliy bilimga tayangan yangi ta’lim modeli sari qadamdir. Natijada yoshlar yuqori malakali mutaxassis sifatida shakllanib, mamlakatning iqtisodiy taraqqiyotida faol ishtirok etadi.

Murojaatnoma ruhidan ko‘rinib turibdiki, O‘zbekiston kelajak sari dadil va ishonchli qadam tashlamoqda. Inson manfaatlariga tayanadigan, bilim va innovatsiyani bosh ustuvorlikka aylantirgan, mahalla va jamiyat birdamligiga suyanadigan taraqqiyot modeli mamlakatimizni yanada kuchli, farovon va jips jamiyat sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Bu yo‘nalish O‘zbekistonning ertangi kunini yanada yorqin, istiqbolli va taraqqiyotga yo‘g‘rilgan davlat sifatida ko‘rsatib bermoqda.


Muhriddin SODIRJONOV,
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti

 

Home Book

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image