“Milliy g‘urur va Vatan ravnaqi timsoli: Davlat Madhiyasi”

Davlat madhiyasi — bu yurtimizning mustaqillik ruhi, xalqimizning ezgu orzu-intilishlari va milliy o‘zligining eng yuksak timsolidir. Madhiyamizda yurtimizning qadr-qimmati, xalqimizning bag‘rikengligi, mehnatsevarligi va kelajakka bo‘lgan qat’iy ishonchi o‘z ifodasini topgan. Bu ulug‘ ramz har bir vatandosh qalbida faxr-iftixor uyg‘otadigan, kishini o‘zligini tanishga, ona Vatanga muhabbat ruhida yashashga chorlaydigan qudratli ma’naviy kuchdir.

Madhiyamizning har bir satri, har bir misrasi el-yurtimizning ko‘p asrlik tarixiy tajribasini, mustaqillik sari olib borgan mashaqqatli yo‘lini, bugungi taraqqiyotning mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam etadi. Undagi ohanglarda xalqimizning matonati, tinchlik va barqarorlikka bo‘lgan intilishi, ezgu fazilatlari, shonli kelajakka bo‘lgan umidi gavdalanadi. Shu bois madhiyamiz nafaqat tantanali marosimlarda, balki har bir yurtdosh qalbida doimo jaranglaydigan ma’naviy mezon, ruhiy tayanchdir.

Ijtimoiy fanlar fakulteti jamoasi sifatida biz yosh avlod ongida madhiyamizga, bayrog‘imizga, gerbimizga chuqur hurmat tuyg‘usini shakllantirishni, ularni milliy qadriyatlarimizga sadoqat ruhida tarbiyalashni o‘z oldimizga muhim vazifa qilib qo‘yganmiz. Talabalarimizga davlat ramzlarining tarixiy negizlari, ma’naviy mazmuni va ularni ulug‘lashning jamiyat hayotidagi ahamiyatini keng tushuntirish orqali ularda Vatan ravnaqi yo‘lida faol fuqarolik pozitsiyasini mustahkamlashga intilamiz.

Zero, davlat ramzlariga ehtirom — jamiyatning ertangi kuniga bo‘lgan e’tibor, millatning ma’naviy o‘zligini asrab-avaylash, yosh avlodni komillikka yetaklash demakdir. Bu ehtirom nafaqat davlat ramzlarini e’zozlashda, balki kundalik hayotimizda Vatanga sadoqat, halollik, fidoyilik va mas’uliyatni namoyon etishda ham o‘z ifodasini topadi. Davlat madhiyasi jaranglagan lahzalarda yurakni to‘ldiradigan hayajon, faxr va quvonch — bizning mustaqil, ozod va obod yurtda yashayotganimizning ramziy tasdig‘idir.

Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan barcha hamkasblarimga, ustozlarimizga, fidoyi murabbiylarimizga hamda ilm va ma’rifat yo‘lida intilayotgan, o‘z bilim va salohiyatini yurt taraqqiyotiga bag‘ishlashga bel bog‘lagan aziz talabalarimizga mustahkam sog‘liq, kuch-g‘ayrat, yutuqlarga boy ijodiy-ilmiy faoliyat tilayman. Milliy g‘oyalarimizga sodiq, komil insonlarni tarbiyalash borasidagi mehnatlaringiz barakali va samarali bo‘lsin.

Keling, madhiyamizda ifodalangan ulug‘ g‘oyalar — Vatan ravnaqi, xalq farovonligi, tinchlik, totuvlik va bunyodkorlik yo‘lida birlashgan holda mehnat qilishda davom etaylik.


Davlat madhiyasi jarangida yurtimizning porloq istiqboli, xalqimizning birligi va milliy g‘ururi abadiy bo‘lib qolsin!

Shuhratjon Haydaraliyev
Ijtimoiy fanlar fakulteti dekani

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image