Vatanning muqaddas ohangi yuraklarda yangraydi

Dunyodagi har qanday mustaqil davlat o‘z ramzlariga, shuningdek, madhiyasiga ega. Umuman, madhiya so‘zining ma’nosi – yunon tilida  “gimn”, ya’ni dasturiy fe’l-atvordagi she’rni tantanali qo‘shiq sifatida ijro etishni anglatadi. U madh etilganda, davlatning bayrog‘i hilpirab, xalqni to‘lqinlantirgan. Demak, davlat ramzi, timsoli: gerb, bayroq va madhiya xalqning, davlatning birdamligini, hamjihatligini namoyon etadigan ramzlardir.

1992-yil 10-dekabr - “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan kun. Mustaqil O‘zbekiston ahli uchun 10-dekabr kuni Davlat madhiyasi qabul qilingan kun sifatida tarixga muhrlangan. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir deb belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, mamlakatimizda yashab turgan boshqa shaxslar ham madhiyamizni hurmat qilishi shartligi alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston davlat madhiyasi yangraganda, “Serquyosh” so‘zi jaranglashi bilan butun vujudimizda ajib entikish, dilimizda cheksiz iftixor tuyg‘usini his etamiz. Chunki unda yurtimiz tarovati, buyuk kelajak barpo etish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan xalqimizning orzu-intilishlari, O‘zbekistonimizning jahon hamjamiyatida tobora yuksalib borayotgan obro‘-e’tibori, hech kimdan kam bo‘lmay, kelajakka qat’iy ishonch bilan intilayotgan yoshlarimizning azm-u shijoati aks etgan.

Bu sana milliy tariximizda faqat rasmiy bayram emas, balki xalqning birlashuvi, g‘ururi va o‘zligini anglashining muhim timsolidir. Chunki madhiyamiz - mustaqillikning ruhiy ustuni, yuraklarda yashaydigan eng pok tuyg‘uning ovozli ifodasidir.

Insonning o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminga bo‘lgan e’tiqodi, munosabati, faol pozitsiyasi aynan madhiyamizga bo‘lgan munosabat bilan uyg‘undir. Madhiya yangraganida har birimizni hayajon qamrashi, qalbimiz cheksiz faxr, g‘ururga to‘lishi tabiiy.  

Davlat madhiyasi bizni butun dunyoga tanitadigan, xalqimizning matonati va ezgu orzularini tarannum etadigan ulug‘ qo‘shiqdir. U sport maydonlarida chempionlarimiz g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan lahzalarda jaranglaydi. Har bir musobaqada, har bir xalqaro maydonda madhiyamiz yangraganda, millionlab yuraklarda faxr tuyg‘usi jo‘sh uradi. O‘zbekiston bayrog‘i baland ko‘tarilayotgan payt – aynan mana shu kuy bilan yanada muqaddaslashadi.

Xalqimiz orzularini o‘zida namoyon etgan madhiyamiz har tong baralla yangraydi. Mamlakatimiz tarixiga muhrlanadigan voqeliklarni, yirik tantanalarni bu qo‘shiqsiz tasavvur etish mushkul. Uning har bir satri – vatanparvarlik darsi, har bir ohangi – milliy qadriyatlarimizning hayqirig‘i. U bizga buyuk ajdodlar merosini eslatadi, ertangi kun uchun mas’uliyat yuklaydi, yurtga sadoqat tuyg‘usini mustahkamlaydi.

Bugun madhiyani tinglash — shunchaki marosim emas, bu kelajak avlod oldida mas’uliyatni his etish, Vatan sha’nini himoya qilishga tayyor turish, qadriyatlarimizni asrab-avaylashga va’dadir. Chunki madhiyani kuylab turgan har bir yosh, har bir fuqaro — O‘zbekiston degan muqaddas nomni yuragida ko‘tarib yuruvchi elchidir.

Madhiyamiz qabul qilingan kunni nishonlar ekanmiz, biz aslida yurt ravnaqi yo‘lidagi intilishlarimizni, birlik va hamjihatligimizni, mustaqillikka bo‘lgan sadoqatimizni yana bir bor tasdiqlaymiz. Bu qo‘shiq milliy qadr-qimmatimizning abadiy ramzi, o‘zligimizning ovozi sifatida avlodlar qalbida barhayot yashayveradi.

Davlat madhiyasi — bu bizning ovozimiz. U ovoz dunyoga: “O‘zbekiston xalqining ruhi kuchli, orzusi yuksak!” deya asrlar osha jaranglayversin!

Obidxon Husanxo‘jayev
Filologiya fakulteti dekani

image

"Raqamli kutubxona"

www.namdu.uz

Bilim olishni "Raqamli kutubxona" tizimidan boshlang.

image